| Bolalik, o'spirinlik chog'larida dunyo, tevarak atrof, tabiat
kishi ko'ziga yanayam sirli-sinoatli tuyuladi, yam-yashil maysalaru
lolazor qirlar zavqingni toshiradi, uzoqdagi viqorli tog'lar tinmay
o'ziga chorlaydi, oydin yoz osmonida milt-milt etgan yulduzlar sirli
jilmayib, xayolingni olib qochadi. Shunday lahzalarda "zavqini qitiqlagan
shirin tuyg'ularini" ko'ksiga sig'dirolmagan o'n yetti yoshli o'smir
hayratu hayajonini she'riy misralarda izhor qilishga jazm etadi,
tezroq voyaga yetib yurtga munosib farzand bo'lishni, yulduzlardek
porlashni orzu qiladi:
Ipak iz qoldirib uchar quvnoqlar.
Bir-birin quvlashib, chaqishar chaqin.
Osmon go'zallarin kumush yotoqlar
Qo'yniga chorlaydi, subhidam yaqin.
Deyman: osmonlarning hiloli bo'lsam,
Hulkar va Zuhrosi bo'lgim keladi.
Shu go'zal o'lkamda kamolga to'lsam,
Porloq yulduzlarday kulgim keladi
Garchi yosh shoirning keyinroq yozilgan "Miltiraydi mitti yulduz"
deb nomlangan she'rida o'z to'dasidan ajralib qolgan, shamdek titrab,
ko'k gumbazining bir chetida "tanholikdan yosh to'kayotgan" osmon
jismi haqida so'z borsa ham oltmishinchi yillar o'rtalaridan boshlab
she'r olamida chaqnagan "mitti yulduz" to'g'risida gapira boshladilar.
Yillar o'tdi, u o'zbek she'riyatini yangi bosqichga olib chiqqan
yorqin yulduzga aylandi, shu'lasi yiroq-yiroqlarga taralib, butun
turkiy adabiyotning, Sharqning yirik siymolari qatoridan joy oldi,
she'rlari ko'plab G'arb tillariga tarjima qilindi. Nafosat olamida
"Abdulla Oripov she'riyati" degan tushuncha mustahkam qaror topdi.
Insoniyat badiiy tafakkuri mo''jizalaridan biri bo'lgan she'riyat
insonning olam va borliqqa hissiy-emotsional munosabati hosilasidir.
Insoniyatning quvvai hofizasi zo'r shoirlari yaratgan she'riy durdonalar
barcha xalqlarning, barcha avlodlarning ma'naviy mulki bo'lib qoladi.
Vaqt o'tadi, davrlar yangilanadi, adabiyotga yangi avlodlar kirib
keladi va bu ma'naviy boylikka o'z hissasini qo'shishga chog'lanadilar.
Abdulla Oripov adabiyotda biryoqlamalik, ritorika, deklarativlik,
bayonchilik, "baxtli zamonaga" hamdu sano o'qish avj olgan, adabiyotning
ijtimoiy-estetik qimmati puturdan keta boshlagan bir davrda she'riyat
ostonasiga qadam qo'ydi.
Har bir shoir singari u ham havaskorlik, izlanish bosqichini bosib
o'tdi. Yulduzlar, tog'lar, kapalak haqida yozdi. Ulardan she'r izladi.
Biroq u o'qish-o'rganish bosqichini tez bosib o'tdi, she'riyatning
missiyasini, inson va jamiyat hayotidagi o'rni va ahamiyatini juda
erta angladi. 1962 yilda matbuot yuzini ko'rgan "Kuz xayollari",
1964 yilda "Sharq yulduzi" jurnali sahifalarida e'lon qilingan "Men
nechun sevaman O'zbekistonni", "Miltiraydi mitti yulduz", "Burgut"
kabi she'rlar o'z ovozi va uslubiga ega bo'lgan shoir shakllanayotganligidan
darak berdi. Shoirning sobiq ittifoqda stalincha zo'ravonlik sharpalari
hali butkul daf bo'lmagan, mustabid tuzum hukmronlik qilishda davom
etayotgan, adabiyot esa "sots. realizm" iskanjasi ostida ezilish
holatida bo'lgan bir sharoitda isyonkor ruh bilan sug'orilgan tug'yonli,
lirik-falsafiy, teran mushohadali, hayotni o'zicha ko'rgan chinakam
milliy va xalqchil she'rlari og'ir sukunatni titratib yuborgan momaqaldiroq
yanglig' yangradi.
"Albomga", "Yuzma-yuz", "Temir odam", "Ayol", "Munojotni tinglab",
"O'zbekistonda kuz", "Tilla baliqcha", "Dorboz", Otello", "Uyqu"
kabi she'rlardagi o'ziga xos mushohada, dadillik, haqiqatni anglashga
intilish, xalqning dardini aytish, eng muhimi erkni ulug'lash, istiqlolga
talpinish tug'ma iste'dod sohibining barchani mahliyo qilib qo'ygan,
qizg'in bahs-munozaralarga mavzu bo'lgan muhim fazilatlari edi.
Uning she'rlaridan bahramand bo'lish "she'riyat bayrami"ga (Qaysin
Quliev iborasi) aylanib ketardi.
Hayotning ichiga chuqur kirib borish, hayot haqiqatini tasvirlashdagi
qat'iyat va izchillik, chuqur obrazlilik, fikr va tuyg'uning ajoyib
bir tarzda omuxtaligi, shiddatkor ruh, ichki dramatizm, poetik tafakkurning
teranligi, Sharq va G'arb she'riyatining eng yaxshi an'analari uyg'unlashganligi
yosh shoir ijodiy evolyutsiyasini ta'minlagan omillar bo'ldi. Biroq
yulduzday chaqnagan bu iste'dod uchqunlari vaqtincha emasmikan degan
hadiklar ham yo'q emas edi:
Olti oykim, she'r yozmayman, yuragim zada:
Olti oykim, o'zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do'stlarim ham pana-panada
Iste'dodim so'nganidan qilar karomat.
Shukrlar bo'lsinkim, umumxalq ehtiromi, adabiy davralarning e'tirofi
yosh shoirni havolantirib yubormadi. "Mitti yulduz"ning nurlari
tobora avjlanib, ajib shu'lalar tarata boshladi. Tez orada "Sarob",
"Bahor", "Avlodlarga maktub", "Sovg'a", "Minarai kalon tepasidagi
laylak", "Biznikilar", "Jannat" singari har biri adabiyotimizda
voqea bo'lgan she'rlar yaratildi.
Bu jihatdan ko'p tarxli "Avlodlarga maktub", "Sarob" she'rlari
e'tiborlidir. "Avlodlarga maktub" she'rining yozilishiga 1966 yilgi
Toshkent zilzilasi turtki bo'lgan. Shoir vaqtlar o'tib ma'shum zilzila
haqida yozilgan gazetalarga ko'zi tushgan avlodlarni tasavvur qiladi.
Ular qarashsa-ki, sahifalarda azob-uqubat, vahima jabrini tortgan
odamlarning emas, balki xushnud odamlarning suratlari iljayib turibdi.
Bu ne hol? Yer osti qattiq silkinib, uy-joylar buzilsa-yu odamlarning
chehrasida shodmonlik? Shoir bu holning siridan avlodlarni voqif
qiladi:
Do'stlarim, hayratda qolmangiz faqat,
Sirlilik bizlarning uslubga mosdir.
Tinchi yo'qolgan odamlarni jilmayishga majbur etgan kuch - bu "Sovetlar"
uslubi edi. Shoir tag ma'noli misralar, so'zlar vositasida yolg'on
jamiyatning, erkinlikka yot tuzumning mohiyatini ochib beradi. Bu
tuzum hatto "insonning azaliy kasbi bo'lgan, dunyoday qadim" do'stlikni
ham sal bo'lmasa biz kashf etdik, faqat bizga xos deb bong uradi:
Sizga falokatdan berganda xabar
Do'stlik borasida yozurlar albat.
Yozurlar: "...biz bo'ldik tengsiz birodar,
Bu xislat bizlarga xos erur faqat.
|